Seshanba, 16.04.2024, 19:00

Приветствую Вас Mehmon | RSS

Главная » 2013 » Dekabr » 15 » SEVGI
01:36
SEVGI
O'zim bilib-bilmay ko'p gunoh qildim,
Mo'lroq yashab qo'ydim mo'ljaldagidan.
O'lsam bo'lmasmidi ko'kka tikilib,
Maysalar ustida, gulning tagida...
Yashashdan charchadim, zerikib ketdim,
Mening tor ko'nglimga sig'mas bayramlar.
Dilimga ilonning tillari yetdi –
Po'st tashlab, turlanib yurgan nayranglar.
Endi kun ko'rishim qiyindan-qiyin,
Endi havolar ham og'irdan-og'ir.
Achchiq-achchiq yig'lab, yo'l yurgan sayin
Uzun-uzun bo'lib sudralar xotir.
O'zim bilib turib, ko'p gunoh qilib
Ko'proq yashab qo'ydim mo'ljaldagidan.
O'lsam bo'lmasmidi ko'zlarim tinib,
Suv ichgan chog'imda qizning kaftidan.
Endi meni qiynar qiyoqning guli –
Nozik kapalakning hidsiz qanoti.
Endi meni qiynar vaqtida o'lib,
Meni obketmagan do'stimning yodi.
... Ona, junjikmangiz sovuq so'zlardan,
Men endi o'lmayman, yig'lamang yana.
Faqat maqtov kutib suzuk qizlardan
Yolg'on she'rlar yozib charchadim, ona.
Faqat o'zim bilmay ko'p gunoh qilib,
Mo'lroq yashab qo'ydim mo'ljaldagidan.
O'lsam bo'lar ekan ko'zlarim kulib,
Belanchak ichida, tolning tagida...
Просмотров: 545 | Добавил: Admin | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]