| Mening kimligimni, Bilmaydi hech kim.
 Men bir g‘alatiman,
 Men – alohida.
 Ko‘zimning yoshini
 Keladi ichgim,
 Tilimni chaynagim,
 Kelar gohida.
 
 Oy mening yelkamga
 O‘tirib olgan,
 Oftob g‘avg‘o solar
 Yurgan yo‘limga.
 Xayol tushovidan
 Chiqolmay qolgan
 Umrimni topshirib
 Qo‘ydim ko‘nglimga.
 
 Endi toshni tepsam,
 O‘par izimni,
 Yerga ag‘anasam –
 Yer ham devona.
 Barmog‘in o‘pgandim
 Suygan qizimni,
 Qo‘li yonib ketdi
 Gurillab, mana.
 
 Yondi,
 Yonaverdi
 Kokillari, so‘ng,
 Charsillab yuragi
 Yondi bearmon.
 Yarmi yonim bo‘lgan
 Ko‘ylagi bir yeng
 Ishqning bayrog‘iga
 Aylandi alvon!..
 
 Va o‘pdim bayroqni
 Men o‘sha alvon,
 Olov tan,
 Olov jon,
 Olov his-havas.
 Qizil cho‘g’ to‘shalgan
 Chimildiq tomon
 Otdim men o‘zimni
 Misli o‘tparast.
 
 Uyg‘onsam – ko‘rpam kul,
 Yig‘lar sevgilim.
 Men seni yig‘la deb
 Quchgan edimmi?
 Ayiq bosgan gulday
 Ezildi ko‘nglim,
 Yovvoyi o‘rdakka
 Berdim sevgimni!..
 
 O‘rdak uchdi-ketdi,
 Mung‘ayib qoldim.
 Hayratim obketdi
 Qanotida u.
 Kim meni aldasa –
 Xudoga soldim,
 Mayli, aldanmasin,
 Hayotida u.
 
 Qoldim kulko‘rpamda
 To‘shagim – tuproq,
 Yumalab yotaman
 Ilonlar bilan.
 Ularga ishondim
 Bir yordan ko‘proq.
 Ilon chaqar,
 Ammo
 Gapirmas yolg‘on!..
 
 Mening kimligimni
 Bilmaydi hech kim.
 Men bir g‘alatiman,
 Men – alohida.
 Kiyiklar qonini
 Keladi ichgim,
 Chayonni chaynagim
 Kelar gohida.
 |